Mehr-oqibat, sadoqat va ezgulik timsoli bo'lgan ayollarni qo'llab-quvvatlash, ularni asrab-avaylash Yangi O'zbekiston davlat siyosatining eng ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Boshqaruv tizimida faoliyat yuritayotgan ayol rahbarlar hissasi sezilarli darajada o'sib borayotganligi ham ushbu sa'y-harakatlar samarasidir.
Bugungi kunda qaysi bir sohani olib qaramang, muhtarama ayollarimiz, dilbar opa-singillarimiz yangi O'zbekiston taraqqiyoti uchun o'zlarining chinakam iqtidorlarini namoyon qilmoqda.
Sud organlarida ham gender tenglikni ta'minlash va xotin-qizlarning odil sudlovdagi o'rnini yanada mustahkamlash borasida ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Va eng muhimi sud tizimidagi ushbu islohotlar o'zining aniq amaliy natijalarini bermoqda.
Hozirgi paytda 250 nafardan ortiq ayol sudyalarimiz odil sudlovni amalga oshirishdek nihoyatda mas'uliyatli va shu bilan birgalikda sharafli kasbda faoliyat yuritishmoqda.
Ana shunday muhim natijalardan yana biri, mamlakatimiz sudyalar hamjamiyatida yangi bir mustaqil tuzilma – O'zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasining tashkil etilganligidir.
Yangi tashkil etilgan ushbu Assotsiatsiya oldida ayol sudyalarning yuksak axloqiy mezonlarga sodiqligi, ularning kasbiy mustaqilligi va mas'uliyatini ta'minlash singari muhim ustuvor vazifalar turibdi.
O'zbekiston sud tizimi tarixida birinchi bor ushbu assotsiatsiyaning vujudga kelishi, nihoyatda muhim institutsional yangilik sifatida baholanadi.
2026-yil 5-mart kuni Toshkent shahrida 10-mart – Xalqaro ayol sudyalar kuni hamda Assotsiatsiya tashkil etilganligi munosabati bilan tantanali tadbir va xalqaro konferensiya bo'lib o'tdi.
Ushbu xalqaro konferensiyada bir qator xorijiy mamlakatlardan nufuzli mehmonlar ishtirok etishib, Assotsiatsiya tashkil etilganini yuksak baholashdi.
Fuqarolar huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish — Assotsiatsiya faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri.
O'zbekiston Ayol sudyalar assotsiatsiyasi sud amaliyotini takomillashtirish va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga intiladi.
Ahamiyatli jihati shundaki, mazkur tashabbus nafaqat milliy doirada, balki xalqaro miqyosda ham e'tirof etildi.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston ayol sudyalari assotsiatsiyasining tashkil etilganligi – bu mamlakatimizda adolatli jamiyat barpo etish va sud tizimini takomillashtirish yo'lida qo'yilgan muhim qadamdir.
Yangi tashkil etilgan Assotsiatsiya tez orada sudyalar hamjamiyatining eng muhim va obro'li tuzilmalaridan biri sifatida e'tibor qozonishiga ishonamiz.